O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Mustaqillik va ezgulik monumenti ochilgan kun

2015-12-28

Bundan o‘n yil muqaddam Mustaqillik maydonida Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan xalqimizning ezgu intilishlari ifodalangan, yosh avlod qalbi va ongiga istiqlol g‘oyalarini, milliy g‘urur va iftixor, vatanparvarlik tuyg‘ularini chuqurroq singdirishga xizmat qiladigan Ezgulik arkasi bunyod etilib, Baxtiyor ona haykali o‘rnatildi.

Prezidentimiz Islom Karimov 2005-yilning 28-dekabrida Mustaqillik maydonida qad rostlagan yangi monument poyiga ilk bor gulchambar qo‘ydi. Davlatimiz rahbarining taklifiga binoan ushbu muazzam majmuaga hurriyatimiz, porloq istiqbolimiz va ezgu niyatlarimiz ramzi – Mustaqillik va ezgulik monumenti deb nom berildi.

Mustaqillik va ezgulik uyg‘un tushunchalardir. Xalqimiz uchun mustaqillik – ozodlik, tinchlik, hurlik, farovonlik, or-nomus, ezgulik esa – mehr-oqibat, ma’naviy barkamollik deganidir.

JPGMana shu ikki buyuk qadriyat zamirida xalqimizning asriy intilishlari, ezgu orzu-umidlari, bu majmuaning siyosiy va insoniy ma’nosi yaqqol mujassam, desak xato bo‘lmaydi. Olijanob niyatlar bilan yangi oila qurayotgan minglab yosh yigit-qizlarimiz Mustaqillik maydonidagi Ezgulik arkasidan o‘tib, oq poyondoz shaklidagi keng yo‘lakdan yurib, ushbu monument poyiga ziyoratga kelar ekan, farzandini bag‘riga bosib turgan baxtiyor ona siymosida o‘zining beg‘ubor orzularini ko‘rgandek bo‘ladi, deb ta’kidlagan Yurtboshimiz.

Mustaqillik maydoni va unga tutash hududda keng ko‘lamli qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Xalqimiz bunyodkorlik salohiyatining yorqin ko‘zgusi bo‘lgan muhtasham me’moriy inshootlar, yashil maydon va xiyobonlar barpo etildi. Bunday katta bunyodkorlik ishlari tufayli bugungi kunda bu maskanning qiyofasi o‘zgarib, butunlay yangicha ma’no-mazmun kasb etmoqda.

Maydonning ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib turgan bu obida, undagi Yer kurrasi tasvirida alohida ajralib turgan O‘zbekiston xaritasini ko‘rgan yurtdoshlarimiz ongu shuurida cheksiz g‘urur va iftixor tuyg‘ulari jo‘sh uradi. Farzandini bag‘riga olib turgan baxtiyor ona siymosida munis onasini, beg‘ubor bolaligini, barkamol avlodni tasavvur qiladi.

Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, bu yorug‘ olamda hayot bor ekan, oila bor. Oila bor ekan, farzand deb atalgan bebaho ne’mat bor. Har qaysi ongli inson jondan aziz farzandining baxtini, kamolini o‘ylab, hamisha ezgu orzu-intilishlar bilan yashaydi, o‘z zurriyodining har tomonlama sog‘lom va barkamol bo‘lishini istaydi.

Mustaqillik maydoni markazida Baxtiyor ona haykali qad rostlagani ajdodlarimizdan bizga o‘tib kelayotgan azaliy intilish – sog‘lom avlod orzusi davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylanganini yaqqol ifodalaydi. Zero, Baxtiyor ona – ona Vatan ramzi. Bu tushunchaning aynan ona siymosi orqali ifoda etilishi, mamlakatimiz bosh maydonida Baxtiyor ona haykalining barpo etilishi yurtimizda onaga, ayol zotiga hurmat-ehtirom, sog‘lom avlod orzusi naqadar yuksak darajaga ko‘tarilganidan dalolatdir.

Mamlakatimizda sog‘lom avlodni tarbiyalashga qaratilayotgan doimiy e’tibor aqlu salohiyatda, husnu kamolotda hech kimdan kam bo‘lmagan o‘g‘il-qizlarni voyaga yetkazishga xizmat qilmoqda. Zero, xalqimiz diliyu tilida bitta maqsad mujassam – hayotining mazmuni bo‘lgan farzandlarining baxtu saodatini, kamolini ko‘rish.

Bularning barchasi ezgu maqsadimiz – o‘g‘il-qizlarimizni sihat-salomat, barkamol etib voyaga yetkazish, onalarimizning orzu-havaslarini ulug‘lash, Vatanimizning, xalqimizning kelajagi uchun qayg‘urish, shu yo‘lda xayrli ishlarni amalga oshirishda o‘z ifodasini topmoqda.

Yurtboshimiz tashabbusi bilan kirib kelayotgan 2016-yilga Sog‘lom ona va bola yili, deb nom berilganidan maqsad ham xalqimizning barcha orzu-havaslari, hayotining mazmuni bo‘lgan sog‘lom va barkamol farzandlar tarbiyasini yangi bosqichga ko‘tarish, uni bag‘rida ardoqlab, ezgu fazilatlar ruhida kamolga yetkazadigan ayol zotini ulug‘lash, sog‘lom va ahil oilani e’zozlashdir.

Umumxalq bayramlari va tantanali marosimlar arafasida, mamlakatimiz sportchilari nufuzli xalqaro musobaqalar oldidan yoki yurtimizda yirik xalqaro tanlov va musobaqalarni o‘tkazish arafasida Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gul qo‘yishi qutlug‘ an’anaga aylandi. O‘zbekistonga tashrif buyuradigan xorijiy mamlakatlarning davlat va hukumat rahbarlari, nufuzli delegatsiyalar va boshqa yuksak martabali mehmonlar ushbu obida poyiga gul qo‘yib, mustaqil Vatanimizga hurmat bajo keltiradi.

Mustaqillik maydonidan ziyoratchilar qadami uzilmaydi. Maktab o‘quvchilariyu talabalar, nuroniy otaxonu onaxonlar bu tabarruk maskanda mustaqillikning naqadar ulug‘ ne’mat ekanini chuqur his etadi, bugungi tinch, farovon hayotimiz uchun shukronalar aytadi. Ezgu niyatlar bilan yangi hayot bo‘sag‘asiga qadam qo‘yayotgan kelin-kuyovlar Ezgulik arkasidan o‘tib, Baxtiyor ona haykali poyiga gul qo‘yarkan, pok orzular bilan ertangi kunga qadam qo‘yadi.

– Farzandlarim bilan Mustaqillik maydoniga tez-tez kelib turamiz, – deydi poytaxtlik Shavkat Qosimov. – Mustaqillik maydonining tarovati, bu yerdagi inshootlarning ulug‘vorligi ko‘nglimizga faxru iftixor baxsh etadi. Farzandlarimga mustaqillik xalqimizga ato etgan ne’matlar buyuk va qadrli ekanini shu maydon misolida tushuntiraman. Bu maydonning Vatanimiz, xalqimiz hayotida tutgan o‘rni va ahamiyatini yosh avlod ongi va qalbiga singdirish barkamol avlod tarbiyasida g‘oyat muhim ahamiyatga ega.

Muhtasham maydon, undagi Mustaqillik va ezgulik monumenti o‘zining betakror qiyofasi, teran ma’no-mazmuni bilan xalqimizning bunyodkorlik salohiyati, yorug‘ kelajakka intilishining yorqin ifodasi sifatida barchamizni shu buyuk Vatanga sadoqat bilan xizmat qilishga da’vat etaveradi.

Поделиться