Правительственный портал
республики узбекистан
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi direktori Osiyo va Afrika mamlakatlari parlament aʼzolarining xalqaro anjumanida ishtirok etdi
2018-10-05 | Общество
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi direktori Akmal Burxanov joriy yilning 2-3 oktyabr kunlari Bahreyn poytaxtida Osiyo va Afrika mamlakatlari parlament aʼzolari ishtirokida boʻlib oʻtgan xalqaro anjumanda ishtirok etdi.
Manama shahrida tashkil etilgan anjuman “Mintaqaviy rivojlanish va Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yoʻlida yoshlarga sarmoya kiritishning muhimligi” mavzuiga bagʻishlandi. Unda Jazoir, Misr, Sudan, Marokash, BAA, Filippin, Yaponiya, Qirgʻiziston kabi davlatlar vakillari qatorida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati – “Taraqqiyot strategiyasi” markazi direktori Akmal Burxanov ishtirok etdi.
Jumladan, Akmal Burxanov “Oʻzbekistonda qonun ijodkorligi va alohida sohalarni rivojlantirish strategiyalari” mavzuida maʼruza qildi. Maʼruza davomida, xususan, Oʻzbekistonda Harakatlar strategiyasining qabul qilinish jarayonlari hamda uning doirasida amalga oshirilayotgan islohotlarning borishi haqida soʻz yuritildi.
Shu bilan birga, tashrif davomida qator mamlakatlar parlament aʼzolari bilan oʻzaro hamkorlik aloqalarini oʻrnatish boʻyicha uchrashuv va muzokaralar ham oʻtkazildi.
Xalqaro anjuman davomida ishtirokchilar tomonidan koʻplab dolzarb masalalar qatorida mintaqaviy rivojlanishga erishish hamda BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarini samarali amalga oshirishda parlamentlar oʻrtasida maʼlumot almashinuvini faollashtirish muhimligi, yoshlarga qaratilgan sarmoya mamlakatning ijtimoiy rivojlanishi uchun asosiy kuch boʻlishi taʼkidlandi.
Uch kun davom etgan anjuman yakunlariga koʻra, BRMda yoshlar va ayollarni qoʻllab-quvvatlash hamda ragʻbatlantirishga qaratilgan vazifalarni kelgusida hayotga tadbiq etish yuzasidan ishtirokchilarning umumiy murojaati qabul qilindi.