O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“Fazo-Luxe” bozorda o‘z o‘rnini topmoqda
2018-02-16 | Jamiyat
Inson o‘zi xohlagan ishni qilsa, bajarayotgan yumushidan ko‘ngli to‘ladi, ma’naviy ozuqa oladi, qolaversa, ro‘zg‘ori but bo‘ladi. Sherzod Shukurlayev ham hayotda shuni o‘ziga shior qilib olgan odamlardan, desak mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. U anchadan beri tibbiyot buyumlari ishlab chiqaradigan korxona tashkil qilishni orzu qilib yurardi.Do‘stlari, oila a’zolari, o‘ziga yaqin odamlar bilan maslahatlashib, bundan uch yil ilgari shu yumushga qo‘l urdi.
Bo‘lajak tadbirkor o‘zi poytaxtda istiqomat qilsa-da, lekin korxonani qishloq joyda ochish, o‘sha yerdagi aholini ish bilan band qilishni o‘ylardi. Shu bois, u Toshkent viloyati Toshkent tumanining “Guliston” qishloq fuqarolar yig‘ini hududidagi anchadan beri bo‘sh turgan binoni sotib olib, korxona tashkil etish niyatida edi. Biznes loyiha tuzib, Davlat raqobat qo‘mitasining Toshkent viloyati hududiy boshqarmasiga murojaat qildi. Natijada 2015 yilda 1 million 600 ming AQSh dollari qiymatida investitsiya kiritish, kamida 110 ta ish o‘rni yaratish sharti bilan bino “nol” xarid qiymatida ajratildi. Loyihada tibbiyot sohasi uchun turli hajmdagi doka, bint va tibbiyot paxtasi ishlab chiqarish ko‘zda tutilgandi.
Dastlab binoni ishlab chiqarishga moslashtirish uchun ta’mirlash ishlari olib borildi. Keyin Xitoydan zarur dastgohlar olib kelinib, o‘rnatildi. Investitsiya dasturida ko‘zda tutilgan barcha majburiyatlar ortig‘i bilan bajarildi. Xullas, “Fazo-Luxe” nomi bilan tashkil etilgan mas’uliyati cheklangan jamiyat 2016 yilning 1 dekabridan faoliyatini boshladi. Agar korxonaning o‘tgan yildagi ishini tahlil qiladigan bo‘lsak, anchagina ijobiy ko‘rsatkichlar qo‘lga kiritilganligiga guvoh bo‘lamiz. Xususan, 6,2 milliard so‘mlik tibbiyot buyumlari tayyorlanib, uning bir qismi respublikamiz ichki bozori ehtiyojini qondirdi, bir qismi esa xorijga eksport qilindi.
Korxonaning bugungi faoliyati barqaror bo‘lib, rejalashtirilgan barcha ko‘rsatkichlar ortig‘i bilan ijro etilmoqda. Masalan, hozir jamoada 172 nafar kishiningbandligi ta’minlangan, 30 turdan ziyod tibbiyot buyumlari tayyorlanyapti. Joriy yilda 20 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan. Agar bultur tayyorlangan mahsulotlar Afg‘oniston va Ukrainaga eksport qilingan bo‘lsa, ayni paytda eksport geografiyasini kengaytirish, xususan, Moldova, Qirg‘iziston va Qozog‘istonga ham mahsulot sotish uchun shartnomalar imzolangan. Eng asosiysi, hozirgacha mas’uliyati cheklangan jamiyatga 2 million 805 ming AQSh dollari miqdorida investitsiya jalb etilib, investitsiya majburiyati ortig‘i bilan uddalandi.
– Korxona bizga “nol” xarid qiymatida berilganidan hukumatimizdan minnatdormiz, – deydi mas’uliyati cheklangan jamiyat direktori Sherzod Shukurlayev. – Soliqlarni to‘lashda ham imtiyozlarga egamiz. Bunday yengilliklar iqtisodiy tomondan oyoqqa turib, ishimizni jonlantirib yuborishga zamin yaratadi. Aks holda farmatsevtika sohasida xo‘jalik yuritish birmuncha qiyin bo‘lardi. Qolaversa, tibbiyot buyumlari ishlab chiqarishning o‘ziga xos jihatlari bor. Shu bois, mutaxassislar va ishchilarning malakasini oshirishga doimo e’tibor qaratib kelinadi. Xorijlik hamkasblarimiz bilan yaqindan hamkorlik qilishga intilyapmiz. Xususan, korxona faoliyatini boshlagan dastlabki paytlarda xitoylik hamkorlarimiz ishchilarimizga dastgohlarni boshqarishda yordam berishdi. Shuningdek, jamoa a’zolarini ijtimoiy himoya qilish ham asosiy vazifalarimizdan hisoblanib, ishxonada bepul tushlik tashkil qilingan. Qo‘shni mahallalar va poytaxtdan keladigan ishchilar uchun alohida avtobus ajratilgan. Hozir ish bir smenada, yoz oylarida esa ikki smenada tashkil etiladi. Toshkentda tayyor mahsulotlarimizni sotadigan dorixonalarimiz ham bor.
Joriy yilda “Fazo Luxe”da yana bir loyihani amaliyotga tatbiq etish ustida ish olib borilyapti. “Ipoteka-bank”ning Shayxontohur tumani bo‘limidan 800 ming AQSh dollari miqdorida kredit olib, Xitoydan tibbiyot dokasi ishlab chiqaradigan 40 dona dastgoh xarid qilish va 20 ta yangi ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan. Mazkur loyihani yil yakunida foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.
Mahsulot sifati va uning jahon andozalariga javob berishi davr talablaridan biridir. Buni yaxshi tushungan korxona rahbariyatining bu boradagi izlanishlari o‘z samarasini bermoqda. Jamiyatda tayyorlanayotgan tibbiyot buyumlari xalqaro ISO 9001: 2015 va ISO 13485:2016 sertifikatlariga loyiq topilganligi fikrimizning isbotidir.
– Faoliyatimizni yo‘lga qo‘yishda “Ipoteka-bank” aksiyadorlik tijorat banki Shayxontohur tumani filialining yordami katta, – deydi korxona bosh hisobchisi Ibrohim Zoitov. – Hozirgacha moliyaviy muassasa tomonidan ajratilgan 3 milliard 858 million so‘m miqdoridagi kreditlar hisobiga ishlab chiqarish uchun zarur dastgohlar va avtotransport vositalari xarid qilindi.
Joriy yilning 6 fevralida Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida o‘tkazilgan farmatsevtika sohasini rivojlantirish borasidagi ishlar natijadorligini tahlil qilish, istiqboldagi dolzarb vazifalarni belgilashga bag‘ishlangan yig‘ilishda mamlakatimizda farmatsevtika sanoatida amalga oshirilayotgan islohotlarga baho berilib, hali qilinadigan ishlar ko‘pligi, respublikamizda dori vositalari ishlab chiqarishni keskin ko‘paytirish zarurligi alohida ta’kidlangandi.
“Fazo-Luxe” mas’uliyati cheklangan jamiyati davlatimiz rahbarining topshirig‘iga “labbay” deb javob berib, mamlakatimiz farmatsevtika sanoatini rivojlantirishga o‘z ulushini qo‘shish, aholini zarur tibbiyot buyumlari bilan ta’minlashni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan jamoalardan biridir.