audio

    16+
    Buyuk Ipak yo‘li

    Mashhur “Buyuk Ipak yo‘li” karvon yo‘lini Sharq va G‘arb o‘rtasidagi aloqalarning ko‘p asrlik timsoli deb atash mumkin. Qit’alararo yo‘l 10 ming kilometrga cho‘zilgan va Sharq mamlakatlarini O‘rtayer dengizi bilan birlashtiruvchi bog‘inga aylangan. Buyuk Ipak yoʻli i miloddan avvalgi II asrdan qariyb eramizning XV asrigacha faoliyat ko‘rsatgan. Shubhasiz, Ipak yo‘li orqali nafaqat nodir tovarlar olib o‘tilgan, balki bilim, madaniyat, texnologiya almashinuvi, diplomatik aloqalar ham amalga oshirilgan.

    “Buyuk ipak yo‘li” nomi o‘sha davrlarda G‘arb mamlakatlari uchun qimmatbaho bo‘lgan mahsulot – ipak bilan bog‘liq. Ipak qurti pillasidan ipak tayyorlash texnologiyasi taxminan besh ming yil oldin zamonaviy Xitoy hududida kashf etilgan deb hisoblanadi. Asta-sekin ipakchilik sirlari o‘zlashtirilib borildi va eramizning III asridayoq ko‘plab mamlakatlarda, jumladan, O‘zbekistonda ham Farg‘ona vodiysi hududida ipak ishlab chiqarila boshlandi.

    Karvonchilar ipakdan tashqari boshqa noyob mahsulotlar bilan ham savdo qilishgan. Badaxshondan lazurit, So‘g‘diyonadan serdolik, Xo‘tandan nefrit kabi qimmatbaho toshlar va hatto o‘sha davrlarda Sharqiy O‘rtayer dengizida hali ishlab chiqarilmagan shisha idishlar bilan savdo qilingan.“Ipak yo‘li” atamasi nisbatan yaqinda paydo bo‘lgan. 1877-yilda baron Ferdinand fon Rixtgofen birinchilardan bo‘lib savdo yo‘li xaritasini batafsil o‘rganib, unga shunday nom berdi. Taxminan milodiy I asrda Buyuk Ipak yoʻli oʻz taraqqiyotining yuksak choʻqqisiga chiqdi. Savdo yoʻli sharqda Xitoyning Loyan shahridan boshlanib, Xitoyning koʻplab shaharlari va Oʻrta Osiyodan oʻtib, Italiyada, Rimda tugagan. 

    Yo‘l uchta yo‘nalish va ko‘plab tarmoqlardan iborat bo‘lgan. Asosiy yo‘nalishlar Shimoliy, Markaziy va Janubiy yo‘llar edi.Shimoliy yoʻl Tarim daryosi boʻylab Tyan-Shan togʻlari orqali, Fargʻona vodiysiga burilib, Oʻrta Osiyo daryolari oralig‘idan Volganing quyi oqimiga, yunon koloniyalariga oʻtgan. Yo‘l-yo‘lakay karvonlar shaharlarda yoki eng go‘zal vohalarda to‘xtab, o‘z mollarini sotardilar. Shu tariqa, yangi shaharlar paydo bo‘ldi, eskilari esa o‘sib, yanada kattalashdi. Oʻzbekiston hududida savdo va hunarmandchilik shaharlari: Andijon, Qoʻqon, Buxoro, Shahrisabz, Samarqand va Xiva gullab-yashnagan.

    Janubiy yo‘l Hindiston, Afg‘oniston va Eronning hozirgi hududlaridan o‘tgan. Markaziy yo‘l Fors va O‘rtayer dengizi orqali o‘tgan.Ipak yo‘lining yo‘nalishlari butun dunyoga ma’lum bo‘ldi va tez orada u orqali nafaqat karvonchilar, balki afsonaviy sayohatchilar va sarkardalar ham o‘ta boshladilar. Masalan, italiyalik sayyoh va savdogar Marko Polo Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab sayohat qilganidan so‘ng “Dunyo xilma-xilligi haqida kitob” asarini yaratdi. Shuningdek, jahonga mashhur sarkarda Chingizxon Buyuk Ipak yo‘li tarmoqlari bo‘ylab o‘tgan. Ko‘p yillar davom etgan mashaqqatli yo‘l mard sayohatchilar va savdogarlarni cho‘chitib yubormadi. 

    Ularning yo‘lida jangari ko‘chmanchilar, suvsiz cho‘llar va iqlimi og‘ir tog‘lar uchrashishi mumkin edi. Ko‘pincha to‘g‘ri yo‘lning yo‘nalishini “odamlar va hayvonlarning suyaklari” orqali tanib olish mumkin edi. Ammo bu yo‘l tufayli dunyo biz hozir ko‘rib turganimizdek, zamonaviy tarzda o‘zgardi. Ulug‘vor yodgorlik shaharlari tarixiy va me’moriy binolari bilan o‘tmishdan bir xotira sifatida tirik afsonaga aylandi.

    • view_icon 12825
    Oxirgi yangilanish: 2022-12-20 10:29:07